Friday, September 20, 2013

Bilish daraxti

Bu savol yahudiy va xristian dinchilarga taalluqli. Diniy manbaga binoan, xudo Odam va Havvoni yaratib, ularga "yaxshi va yomonni bilish daraxti"dan meva yemaslikni buyuradi ("yesang o'lasan," deydi) va o'zi birrovga qayergadir ketadi (Taqvin:2). Oraga ilon qiyofasiga kirgan shayton tushib, Havvoni bilish daraxti mevasini yeb ko'rishga ko'ndiradi, Odam va Havvo uni yeb ko'rgach, yaxshini yomondan farqlay boshlashadi (Taqvin:3). Qaytib kelgan xudo buni ko'rib, jahl qiladi, "yomon ish qildilaring, endi butun nasl-nasabing qarg'alsin," deb do'q qiladi, la'natlaydi. Shu o'rinda qator savollar tug'iladi: xudo qayerga ketdi? Ketsa ham hamma narsani bilguvchi emas edimi, ko'z-quloq bo'lib turmadimi? Bilish daraxtini nega o'stirdi? va hokazo. Yana bir juda muhim muammo bor: Odam va Havvo bilish daraxtidan meva yemasdan oldin yaxshini yomondan farqlay olishmagan bo'lsa, bilish daraxtidan meva yeyish yomon ish ekanligini bilishmas edi. "Yesang o'lasan," degan ogohlantirish ham tushunarsiz: nima yaxshi, nima yomonligini bilmaydiganlar o'lish yaxshi-yomonligini ham bilmaydi.

Savol:

Yaxshini yomondan farqlashni bilmaydiganlar xudoning gapiga quloq solmaslik yomon ekanini qayerdan bilsin?

Javob:

Bu rivoyatlar qadimgilar tomonidan to'qilgan ertaklardir. Ertaklardan mantiq qidirish behuda.

Thursday, September 12, 2013

Yo'ldan ozish

Diniy manbada odamlar "yo'ldan ozishi" haqida yoziladi. Lekin ular o'z-o'zidan emas, balki iblis/shayton va xudo yo'ldan ozdirgani uchun yo'ldan ozadi:

Iblis:
Bas, ularni shayton yo'ldan ozdirib, maskanlaridan chiqardi va aytdi: "Tushingiz! bir-biringizga dushmansiz. Endi ma'lum vaqtgacha Yerda maskan tutib yashaysiz." (Baqara:36)

(Iblis) aytdi: "Endi, Sening qudratingga qasamki, albatta ularning hammasini yo'ldan ozdirurman." (Sod:82)

Xudo:
Alloh kimni hidoyat qilsa, bas, o'sha hidoyat topguvchidir. U zot kimni yo'ldan ozdirsa, bas, ana o'shalar ziyon ko'rguvchidirlar. (A'rof:178)

Yoki Alloh adashtirgan kimsalarni to'g'ri yo'lga solmoqchimisizlar? Kimniki Alloh adashtirib qo'ygan bo'lsa, uning uchun hargiz yo'l topa olmaysiz! (Niso:88)


Savol:

Kishi yo'ldan ozsa, uni kim: shaytonmi yoki xudo yo'ldan ozdirganini qanday bilish mumkin?

Javob:

Hehehe. Bu savolni yaxshisi qadimgi afsona va ertaklarga ishonib yashaydigan dinchilarga bering. To'qima muammolarga to'qima javoblar berishda ulardan yaxshiroq mutaxassis topish mushkul.

Thursday, August 22, 2013

Iblis

Bu mavzu yahudiylik, xristianlik va islom dinlariga oid. Diniy manbada xudo va iblis haqida shunday deyiladi:

Eslang, farishtalarga Odamga ta'zim qiling, deyishimiz bilan sajdaga egildilar. Faqat iblis. U jinlardan edi. Bas, Parvardigorining amriga bo'yinsunishdan bosh tortdi. Endi sizlar Meni qo'yib, uni va zurriyotlarini do'st tuturmisiz?! Ular sizlarga dushman-ku! U zolim kimsalar uchun naqadar yomon badal o'rinbosardir. (Kahf:50)

Shu iblisni xudo yaratganini va xudo hamma narsani bilguvchi ekanligini inobatga olaylik. Bundan quyidagi muammo kelib chiqadi:

Savol:

Nega xudo iblis unga bo'ysunishdan bosh tortishini bila turib, uni yaratdi?

Javob:

Izoh esa "xamirdan qilingan bo'g'irsoq qanday qilib tilga kirib, chol-u kampirdan qochib ketdi?" savoliga javob bilan bir xil: chunki bu - ertak.

Wednesday, August 7, 2013

Odam va Havvo

Dinchilardan ko'pincha "dinimiz fan bilan uyg'un, din va fan bir-birini tasdiqlaydi," kabi iddaolarni eshitamiz. Bu iddaoning yolg'on ekani oldingi postlarda ko'rsatildi (masalan: Kosmologiya, Zilzila). Bu ishni davom ettirsak.

Diniy manbalarda birinchi ayol (Havvo) birinchi erkak (Odam) qovurg'asidan yaratilgan ekani aytiladi (Niso:1; Sahih Buxoriy:7:62:114). Bundan tayinli fikrlar kelib chiqadi:

1. Havvo va Odamning DNKlari bir xil edi.
2. 1-banddan: Havvo va Odamning xromosomalari bir xil edi.
3. 2-banddan: Havvo va Odamning jinsi bir xil edi (ikkovida ham Y xromosoma bo'lgani uchun ikkovi ham erkak).

Demak, diniy manbalarga ishonadigan bo'lsak, Odam ham, Havvo ham erkak bo'lgan. Ustiga-ustak, ularning DNKlari bir xil bo'lgani uchun ularni qarindosh, aniqrog'i aka-uka deb hisoblash mumkin.

Savol:

Ilmiy nuqtai nazardan Havvo erkak bo'lsa, nega diniy manbalarda uni "ayol" deyiladi?

Javob:

Bu diniy manbalarni qadimgi odamlar yozib qoldirgan. Ular DNK, xromosoma kabi narsalardan bexabar edilar. Shunchaki rivoyatlar to'plami bo'lgan bu manbalarga "ana qarang, ming yillar oldin yozilgan ilmiy haqiqat," deb qarash aqldan emas.
 

Wednesday, July 31, 2013

Iroda

Avvalgi postlardan birida yozilgan muammoga qaytib, chuqurroq qarab ko'ramiz. Diniy manbada xudo ko'pchilik insonlarni (va qandaydir "jinlarni" ham) jahannam uchun yaratgani haqida aytiladi:

Biz jin va insdan ko'plarini jahannam uchun yaratganimiz muhaqqaqdir. (A'rof:179)

Ya'ni xudo bir odamni o'lishidan keyin jahannamga ketishi aniq-tiniq bo'la turib, uni yaratadi. Dinchilar bu muammoga shu odamning erkin irodasi bor, u jahannamga tushish-tushmaslikni erkin irodasi bilan tanlaydi, deb javoblashga urinishadi. Biroq ularning bu javobi o'zlarining diniy manbalariga zid keladi:

...sizlar faqat Alloh xohlagan vaqtdagina xohlarsizlar (Inson:30)

Sizlar faqat butun olamlar Parvardigori bo'lmish Alloh xohlasagina xohlarsizlar (Takvir:29)

Ya'ni shu dinga binoan hech qanday erkin iroda yo'q, xudo odamlarning nafaqat amallarini, balki xohishlarini ham 100% boshqaradi.

Savol:

Xudo nega jahannam uchun odam yaratadi?

Javob:

Bu gaplar xudodan kelmagan; xudo o'zi bormi-yo'qmi, bor bo'lsa jannat-jahannamga yuboradimi yoki yo'q, bu ma'lum emas. Dinlarni qadimgilar o'ylab topgan. Yuqoridagi "jahannam uchun yaratganmiz" oyatining g'oyasi - tamg'alash va qo'rqitish. O'sha zamonlarda dinga da'vat qilinayotgan odam shu dinga ishonmaydiganlarni ko'rsatib, "bular nega sening diningga ishonmaydi?" deb so'raganida, shu dinga chaqiruvchi kishi xayoliga kelganini aytgan, "ha endi ularni xudo shunday qilib yaratipti," deb jamiyatning bir qismiga "do'zaxiy" degan tamg'a yopishtirgan. Dinchilarning bu sodda masala ustida yo'q irodamish, yo'q qadarmish, yo'q qazomish, degan demagogiyasi sodda odamlarni laqillatish uchun o'ylab topilgan bo'sh gaplardir.


Thursday, July 25, 2013

Odamning maymunga aylanishi

Diniy manbalarda yahudiy xalqining shanba kuni baliq ovlagani uchun Alloh tomonidan jazolangani va shu jazoning natijasi o'laroq ular maymunlarga aylantirilgani aytiladi (Baqara:65-66).

Biroq na tarixda, na zamonaviy ilm fanda inson organizmining zumda maymunga aylanishi haqida hech qanday ma'lumot yo'q. Garchi agar bu ma'lumotni dinchilar mantiqli deb hisoblasalar unda Darwinning evolutsiya nazariyasini qanchalik haqiqatga yaqinligi xususida ular o'ylab ko'rishlari lozim bo'ladi, Chunki insonni maymunga aylantira olgan zot buni teskarisini qila olishi hech shubhasizdir.

Ushbu oyatning insoniyat tarixiga ta'siri kuchli bo'lgan, hususan hozirgi kungacha musulmon va yahudiy xalqlari o'rtasidagi mojarolarda ushbu oyat yahudiylarga qarshi qurol sifatida ko'p ishlatiladi.

Savol:

Nega Alloh o'zi yaratgan bandalarini maymunga aylantirgan?

Javob:

Bu iddao diniy manbalardan keladi. Bu diniy manbalar esa o'sha davrdagi Arab va Yahudiy qabilalari o'rtasidagi iqtisodiy va siyosiy raqobatdan kelib chiqib to'qilgan yetarlicha holislikka ega bo'lmagan, Xudodan kelmagan rivoyatlardir. Agar diniy manbalar rostdan ham xudodan kelganida edi, unda bunday ikki xalqni dushmanlikka chorlovchi va biridan ikkinchisini ustun ko'rsatadigan diskriminatsiya ruhiga ega bo'lmas edi.

Wednesday, July 24, 2013

Qahr

Diniy manbalarda xudoning jahldor ekani haqida aytiladi: 

Alloh ulardan darg'azab bo'ldi... (Fath:6)

Biroq o'sha manbalar xuddi shu xudo hammaning taqdirini oldindan belgilab, odamlarni o'zi yo'ldan ozdiradi, adashtiradi, deydi:

U zot kimni yo'ldan ozdirsa, bas, ana o'shalar ziyon ko'rguvchidirlar. (A'rof:178)

Yoki Alloh adashtirgan kimsalarni to'g'ri yo'lga solmoqchimisizlar? Kimniki Alloh adashtirib qo'ygan bo'lsa, uning uchun hargiz yo'l topa olmaysiz! (Niso:88)

Bundan quyidagi savol kelib chiqadi:

Savol:

Nega xudo o'zi yo'ldan ozdirgan odamdan darg'azab bo'ladi?

Javob:

Bu iddao diniy manbalardan keladi. Bu diniy manbalar esa qadimgi afsona va rivoyatlarga asoslangan. Xudodan kelmagan. Agar diniy manbalar rostdan ham xudodan kelganida edi, unda bunday mantiqsiz gaplar bo'lmas edi.

Tuesday, July 16, 2013

Geologiya va astronomiya

Diniy manbada xudo Yerni yaratishga ikki kun, Yer ustidagi tog'larni yaratishga yana to'rt kun (ayrim dinchilar fikricha, ikki kun), yulduzlarni yasash uchun yana ikki kun sarflagani haqida yoziladi (Fussilat:9-12); shunday qilib butun olamni tugatishga 6-8 kun ketgan emish. Vaholanki, Yer ikki kunda emas, balki bundan 4,5 milliard yil oldin 10-20 million yil davomida shakllangan, tog'lar esa shu kungacha shakllanib va yo'qolib (yemirilib) turipti; yulduzlar esa Yerdan oldin ham, keyin ham shakllanib, portlab, so'nib turishda davom etmoqda. Dinchilar bu masalada "kun deganda noma'lum davr nazarda tutilgan," deb gapni aylantirishga urinishadi. Buni ularning vijdoniga havola etib, e'tiborni boshqa masalaga qarataylik: xudo butun olamni yaratishga ketgan vaqtning kamida uchdan bir qismini sayyoramizdagi tog'larni barpo etishga sarflagan emish. Lekin Yerdan boshqa sayyora va yo'ldoshlarda ham tog'lar bor. Xususan, Mars, Io va Yapetdagi tog'lar bizning Yerdagi tog'lardan ham katta. Bizning tog'larga naq 2-4 kun xarj etgan xudo Marsdagi tog'larga necha kun sarflagan?

Savol:

Nega diniy manbada boshqa sayyoralar va ulardagi tog'lar haqida hech nima deyilmagan?

Javob:

Bu diniy manba qadimgi afsona va rivoyatlarga asoslangan, uni yozayotganlar boshqa sayyoralarda tog'lar borligini bilmagan. Xudodan kelmagan. Agar diniy manba rostdan ham xudodan kelganida edi, unda geologik va astronomik jarayonlar bexato tushuntirilgan bo'lur edi.

Friday, July 12, 2013

Geografiya-2

Oldingi postlardan birida diniy manba Yerni tekis deyishi haqida eslatilgan edi. Bundan yana bir muammo kelib chiqadi: diniy qoidalarga binoan Ramazon vaqtida dindorlar oftob chiqishidan boshlab to oftob botishiga qadar ro'za tutishlari kerak, yanada aniqrog'i bunday: "...oq ip qora ipdan ajraladigan paytgacha yeb-ichaveringlar. So'ngra kechgacha ro'zani benuqson qilib tutinglar" (Baqara:187). Biroq dindor sayyoramizning shimoliy yoki janubiy qutbiga yaqin joylarda bo'lib qolsa, katta muammo chiqadi: u yerlarda oftob kunlab, haftalab, hatto bir necha oylab hech botmaydi. Ya'ni bir necha oy har sutka (24 soat) davomida "oq ipni qora ipdan" ajratish mumkin. Bir necha oy uzluksiz ro'za tutish dindorni o'ldirishi tayin. Bu muammoga turli dinchilar turli "yechim"lar taklif etishadi (vaholanki, naq xudodan kelgan deb iddao etilayotgan manbaga yechim kiritishning o'zi ikkiyuzlamachilik), masalan, boshqa mamlakatdagi oftob chiqish-botishi vaqtlariga amal qilish, yoki sutkasiga 20 soat ro'za tutish, yoki ro'za tutmaslik va hokazo. Lekin bu dinchilar xudo emas, demak "xudodan kelgan" deb iddao etiladigan manbadagi qoidalarni hech qachon o'zgartira olishmaydi.

Savol:

Nega diniy manbada sayyoraning turli qismlarida oftob chiqib-botishi vaqtlari hisobga olinmagan?

Javob:

Bu diniy manba xudodan kelmagan. Agar rostdan ham xudodan kelganida edi, unda bunday xato gaplar bo'lmas edi, dinchilar undagi muammolarga yechim berishga urinishmas edi.

Thursday, July 11, 2013

Matematika

Bu mavzu diniy manbadagi meros taqsimlanishiga doir. Niso surasida marhumdan qolgan bisotni uning merosxo'rlari orasida qanday bo'linishi haqida batafsil yozilgan (11- va 12-oyatlar, 176-oyat). Lekin bu yo'riqnomalarda jiddiy arifmetik xatolar bor. Buni bir holat misolida ko'rib chiqaylik. Deylik, bir ayoldan 6 000 dinor qoldi. Merosxo'r sifatida marhumaning onasi, eri va singlisi qoldi. Diniy yo'riqnomaga tayanib taqsimlaymiz: onasiga uchdan biri, eriga yarmi, singlisiga ham yarmi tegishi kerak, ya'ni 6000/3 + 6000/2 + 6000/2 = 2000 + 3000 + 3000. Biroq natijada 8 000 dinor kerak bo'lib chiqmoqda. Yana 2 ming dinorni qayerdan olish kerak? Taqqoslang, bir kishi "shu tortning yarmini Eshmatga, yarmini Toshmatga, uchdan birini Yormatga ber," desa, biz uni yo hazil qilyapti, yo oddiy arifmetikadan xabari yo'q omi ekan, deb o'ylaymiz.

Bu muammodan dinchilar xabardor bo'la turib, buning xatoligini tan olmay, turli usullar bilan "tuzatish"ga urinishadi (vaholanki, naq xudodan kelgan deb iddao etilayotgan manbani tuzatishning o'zi ikkiyuzlamachilik). Eng keng tarqalgan yo'l xalifa Umar usuli bilan "hal" qilishdir, ya'ni boshlang'ich olti ming dinorni sakkizga qayta taqsimlab, onaga to'rtdan birini, erga sakkizdan uchini, singlisiga ham sakkizdan uchini berib, qutulish. Biroq bu muammoni hal qilish emas, balki ulushlarni boshqacha taqsimlab, xato yo'riqnomadan voz kechishdir (shuning uchun bu usulga, masalan, sahoba ibn Abbos qarshi chiqqan).

Savol:

Nega diniy manbada meros taqsimlanishi borasida matematik xato ketgan?

Javob:

Bu diniy yo'riqnoma xudodan kelmagan. Agar rostdan ham xudodan kelganida edi, unda bunday xato gaplar bo'lmas edi, dinchilar uni tuzatishga urinishmas edi.

Friday, July 5, 2013

Moddiyunchilik

Bu mavzu diniy manbalardan emas, balki ayrim mistikaparastlardan keladi. Ularning iddaosi shundaki, odam aqli, fikrlashi, hissiyotlari kabi qobiliyatlar moddiy miyaga emas, balki ruh yoki boshqa qandaydir nomoddiy "sehrli" manbaga tayanadi. Lekin kundalik kuzatuvlar orqali bu kelib chiqadi:

Savol:

Nega nomoddiy manbali qobiliyatlar moddiy alkogol va giyohvand ta'sirida o'zgaradi?

Javob:

Aql, fikr, his kabi qobiliyatlar manbasi moddiy organizmimiz qismi bo'lmish moddiy miya bo'lib, undagi moddiy kimyoviy va fizik reaksiyalar tufayli mavjud.

Thursday, July 4, 2013

Taqdir

Oldingi postda diniy manbalar xudo hamma narsani oldindan 100% bila turib, yana sinov qilishi haqidagi xato gapni aytishi eslatilgan edi. Lekin diniy manbalar bunday absurdlik bilan cheklanmay, yanada tuturiqsiz iddaoni olg'a suradi: emishki xudo nafaqat oldindan bila turib odam yaratadi, balki u odamning barcha amallarini ham o'zi 100% boshqaradi. Emishki, xudo istasa, odam "yaxshi" yo'ldan, istasa "yomon" yo'ldan ketadi. Bu oldindan belgilangan taqdir deyiladi. Va bunda xudo "yaxshi"larni mukofotlab, "yomon"larni jazolaydi. Buning absurdligini sodda solishtirish bilan ko'rsatilsa, bunday manzara chiqadi: odam o'g'rilik qilgan qo'lini o'zi urib (jazo), birovga yordam qilgan qo'lini esa yana o'zi silayapti (mukofot). Bunday odamning aqliy sog'ligi haqida shubhalar tug'iladi.

Savol:

Nega xudo odamni o'zi yo'ldan urib, yana o'zi jazolaydi?

Javob:

Bu iddao diniy manbalardan keladi. Bu diniy manbalar esa qadimgi afsona va rivoyatlarga asoslangan. Xudodan kelmagan. Agar diniy manbalar rostdan ham xudodan kelganida edi, unda bunday xato mantiqli gaplar bo'lmas edi.

Wednesday, July 3, 2013

Sinov

Diniy manbalar butunboshli bahaybat olamni xudo yaratgan, bundan maqsad shu ulkan olamning qaysidir bir mitti burchagidagi jimitdek sayyorada yashovchi odamlarni sinash ekanligini aytishadi. Bu iddaoning birinchi qismini (olamni xudo yaratganini) hozircha chetga suraturib, sinash haqida fikr qilsak. Diniy manbalar yana bu xudo hamma narsani bilguvchi, deydi. Bas, xudo hamma narsani bilsa, unda u odamlarni sinamasligi kerak, zotan u har qanday odam, deylik, siz haqingizda siz tug'ilmasingizdan oldin ham hamma narsani bilib kelgan. Siz bor bo'lmasingizdan ming yillar oldin "bu odam shunday-shunday hayot kechiradi, shunday-shunday ishlar qiladi" deb bilib kelgan. Siz haqingizda hamma narsani 100% bila turib, sizni "yaratgan". Sinash uchun. Lekin bu sinov emas, chunki natija siz tug'ilmasingizdan oldin allaqachon ayon edi.

Savol:

Nega xudo sizning qanday yashashingizni 100% bila turib, sizni "sinash" uchun yaratdi?

Javob:

Bu iddao diniy manbalardan keladi. Bu diniy manbalar esa qadimgi afsona va rivoyatlarga asoslangan. Xudodan kelmagan. Agar diniy manbalar rostdan ham xudodan kelganida edi, unda bunday xato mantiqli gaplar bo'lmas edi.

Dengiz mahsulotlari

Diniy manbada dengiz ovidan kelgan yemishlarni iste'mol qilish mumkin, deyiladi. Ya'ni qo'rqmasdan bemalol yeyavering, demoqchi. Lekin dengiz jonzotlari orasida zaharlilari ham bor (masalan, Tetraodontidae, Synanceia, Hapalochlaena va hokazo). Bularni iste'mol qilgan odam zaharlanib, til tortmay o'lishi mumkin.

Savol:

Nega diniy manbada zaharli hayvonlarni ham yeyaverish mumkin deyiladi?

Javob:

Bu diniy manba qadimgi afsona va rivoyatlarga asoslangan. Xudodan kelmagan. Uni yozganlar bunday zaharli hayvonlar borligidan bexabar edi. Agar diniy manba rostdan ham xudodan kelganida edi, unda qaysi hayvon zaharli, qaysini bezaharligi bexato, ochiq-oydin tushuntirilgan bo'lur edi.

Tuesday, July 2, 2013

Ornitologiya

Diniy manbada qushlarni osmonda yolg'iz xudo ushlab turishi aytiladi. Yolg'iz, ya'ni boshqa hech nima. Lekin aslida qushlar (va boshqa uchar jonzot va narsalar, masalan, chivin, ko'rshapalak, uchoq) qanotlari osti va ustida turli havo bosimi bo'lgani uchun uchadi. Havo shari, pufak kabi uchar narsalar esa kichik zichlikli moddalarning sizib chiqishi (Arximed qonuni) bois; raketalar esa reaktiv kuch yordamida uchadi. Havo va qanotlar bo'lmasa qushlar ucha olmaydi.

Savol:

Nega diniy manbada qushlar parvozi haqida xato tasavvur qilingan?

Javob:

Bu diniy manba qadimgi afsona va rivoyatlarga asoslangan. Xudodan kelmagan. Agar diniy manba rostdan ham xudodan kelganida edi, unda qushlar qanday parvoz qilishi bexato, ochiq-oydin tushuntirilgan, balki odamlarga ham uchar mashinalar yaratish haqida yordam yozilgan bo'lur edi.

Botanika

Jiddiy savollardan orom olib, askiyabozlikka teng mavzuga o'taylik. Bu galgi savol blog muallifining bir dinchi bilan suhbatidan kelib chiqqan. Dinchi blog muallifiga "kichkina urug'dan katta daraxtni faqat xudo o'stirib chiqara oladi, demak din haq" qabilida bir argument bergandi. Bu argumentni ba'zi boshqa dinchilar ham keltiradi. Lekin bu yerda mantiqiy xato bor: xudo borligidan din haqligi kelib chiqavermaydi; qolaversa xudoga ishonmaydigan dindorlar ham bor (masalan, buddistlar), va aksincha, xudoga ishonadigan dinsizlar ham bor (deistlar). Shuning uchun argument tezisiga (urug'dan daraxtni xudo undirishi) e'tiborni qarataylik. Ozgina fikrlash natijasida bu kelib chiqadi:

Savol:

Nega xudo sovuq urgan yoki toshga suqilgan yoki palag'da urug'dan o'simlik undirib chiqara olmaydi?

Javob:

O'simlik o'sishi kabi hodisalar biologik, tabiiy fenomenlardir. Ular sodir bo'lishi uchun ilohiy kuchlar emas, balki zarur sharoitlar: mos harorat, namlik, ozuqa, yorug'lik kabi faktorlar kerak.

Zilzila

Diniy manbada xudo yer tebranmasligi uchun tog'lar, adashmasligimiz uchun yo'llarni barpo qilgani haqida aytiladi. Ikkinchi iddaoning kulguli ekani ayon (yo'lni odamlar qo'yadi; yura-yura so'lmoq, asfalt yotqizib esa shosselar quriladi), shuning uchun yer tebranmasligi iddaosiga qaraylik. Birinchidan, yer silkinishlari baribir ro'y berib turipti, demak tog'lar yordam qilmayapti. Ikkinchidan, tog'lar yer tebranishi oldini olmaydi, aksincha, ular zilzilalar ketidan hosil bo'ladi (sayyora tektonik platolari bir-biriga urilib, turtilib-surtilib bo'rtib chiqadi). Ko'p zilzilalar tog'li mintaqalarda ro'y bergan (rasm).

Savol:

Nega diniy manbada tog' va zilzilalar borasida jiddiy xato qilingan?

Javob:

Bu diniy manba qadimgi afsona va rivoyatlarga asoslangan. Xudodan kelmagan. Agar diniy manba rostdan ham xudodan kelganida edi, unda geologik hodisalar bexato, ochiq-oydin tushuntirilgan bo'lur edi.

Qibla

Oldingi bir postda diniy manba Yerni tekis deyishi yozilgan edi. Bundan yana bir muammo kelib chiqadi: dindor dunyoning qayerida bo'lmasin, Arabistondagi kubsimon inshoot tomon egilib sajda qilishi kerak. Biroq bu qoida Yerni tekis deb hisoblab o'ylab topilgan. Agar Yer aslida sharsimon ekanligi inobatga olinsa, vaziyat o'zgaradi - dindor sayyoraning Arabistonga qarama-qarshi nuqtasida yashasa (rasm), unda u qiblaga oyoq qilib yurgan bo'lib chiqadi, va sajda qilish uchun Yer qa'riga engashishi kerak bo'lib qoladi. Bu muammoni ayrim ruhoniylar sajda yo'nalishi Yerni "aylanib" o'tib, qibla tomon bo'lsa bas, deb yechishga urinishadi; biroq bu "yechim" yana muammolar keltirib chiqaradi: a) ruhoniylar xudo emas; b) bordi-yu, qibla tomon Yerni aylanib o'tuvchi yo'nalishda egilsa, sajda qiluvchining keti ham Yerni boshqa tomondan aylanib o'tib, yana qibla tomondan ketadi.

Savol:

Nega diniy manbada sharsimon Yerda qanday ibodat qilish kerakligi haqida aytilmagan?

Javob:

Bu diniy manba qadimgi afsona va rivoyatlarga asoslangan. Xudodan kelmagan. Agar diniy manba rostdan ham xudodan kelganida edi, unda Yer sayyorasi tekis emasligi ochiq aytilgan, bunday tentakona muammolar chiqmagan bo'lur edi.

Osmon

Osmon deganda koinotning sayyoramizdan ko'rinadigan qismiga aytiladi. Osmon bir qattiq, jips narsa emas, u - fazo. Kosmik kemalar osmonga uchayotib, unga borib urilmaydi. Lekin diniy manbaga binoan, osmon qulab tushmaydigan tom ekan. Ya'ni osmon - tom; uy, garaj, maktab binosi tomiga o'xshash qattiq materialdan yasalgan qatlam. "Qulab tushmaydigan" deb odamlarni tinchlantirmoqchi (o'tmishda odamlar "osmon qulab tushadi" deb qo'rqishar edi).

Savol:

Nega diniy manbada osmon haqida katta xato yozilgan?

Javob:

Bu diniy manba qadimgi afsona va rivoyatlarga asoslangan. Xudodan kelmagan. Agar diniy manba rostdan ham xudodan kelganida edi, unda osmon, fazo, koinot nimaligi bexato tushuntirilgan bo'lur edi.

Monday, July 1, 2013

Geografiya

Biz yashab turgan sayyora - Yer - deyarli sharsimon jismdir. Lekin diniy manbada Yer "yoyiq-tekis" (xuddi gilam kabi) deyiladi. Shar deyilmaydi, kurra deyilmaydi, tekis deyiladi.

Savol:

Nega diniy manbada Yer sayyorasi shakli haqida juda katta xato qilingan?

Javob:

Bu diniy manba qadimgi afsona va rivoyatlarga asoslangan. Xudodan kelmagan. Agar diniy manba rostdan ham xudodan kelganida edi, unda Yer sayyorasi shakli bexato tushuntirilgan bo'lur edi.

Kosmologiya

Kosmologiya olamning kelib chiqishini o'rganuvchi fandir. Bugunga qadar kosmologiya olam bundan taxminan 13,8 milliard yil avval juda ham mitti materiya va energiya to'pidan yoyilib kelishini aniqladi. Bu hodisa Katta portlash deb ataladi. Bunda oldin fazo-vaqt, keyin oddiy kimyoviy elementlar, keyin tumanliklar, keyin yulduzlar, keyin galaktikalar, yulduzlar atrofidagi sayyoralar va ularning yo'ldoshlari shakllangan. Lekin diniy manbalar "oldin Yer, keyin yetti osmon va undagi yulduzlar yaratildi" deydi. Vaholanki Yer sayyorasi (umuman, Quyosh tizimi) Katta portlashdan 9 milliard yil o'tganidan keyingina shakllanishni boshlagan. Qolaversa, Quyosh ham bir yulduz, lekin u Yerdan keyin emas, balki oldin yuzaga kelgan.

Savol:

Nega diniy manbada olamning yaratilish borasida juda katta xato qilingan?

Javob:

Bu diniy manba qadimgi afsona va rivoyatlarga asoslangan. Xudodan kelmagan. Agar diniy manba rostdan ham xudodan kelganida edi, unda olam qanday paydo bo'lgani bexato tushuntirilgan bo'lur edi.