Friday, September 20, 2013

Bilish daraxti

Bu savol yahudiy va xristian dinchilarga taalluqli. Diniy manbaga binoan, xudo Odam va Havvoni yaratib, ularga "yaxshi va yomonni bilish daraxti"dan meva yemaslikni buyuradi ("yesang o'lasan," deydi) va o'zi birrovga qayergadir ketadi (Taqvin:2). Oraga ilon qiyofasiga kirgan shayton tushib, Havvoni bilish daraxti mevasini yeb ko'rishga ko'ndiradi, Odam va Havvo uni yeb ko'rgach, yaxshini yomondan farqlay boshlashadi (Taqvin:3). Qaytib kelgan xudo buni ko'rib, jahl qiladi, "yomon ish qildilaring, endi butun nasl-nasabing qarg'alsin," deb do'q qiladi, la'natlaydi. Shu o'rinda qator savollar tug'iladi: xudo qayerga ketdi? Ketsa ham hamma narsani bilguvchi emas edimi, ko'z-quloq bo'lib turmadimi? Bilish daraxtini nega o'stirdi? va hokazo. Yana bir juda muhim muammo bor: Odam va Havvo bilish daraxtidan meva yemasdan oldin yaxshini yomondan farqlay olishmagan bo'lsa, bilish daraxtidan meva yeyish yomon ish ekanligini bilishmas edi. "Yesang o'lasan," degan ogohlantirish ham tushunarsiz: nima yaxshi, nima yomonligini bilmaydiganlar o'lish yaxshi-yomonligini ham bilmaydi.

Savol:

Yaxshini yomondan farqlashni bilmaydiganlar xudoning gapiga quloq solmaslik yomon ekanini qayerdan bilsin?

Javob:

Bu rivoyatlar qadimgilar tomonidan to'qilgan ertaklardir. Ertaklardan mantiq qidirish behuda.

Thursday, September 12, 2013

Yo'ldan ozish

Diniy manbada odamlar "yo'ldan ozishi" haqida yoziladi. Lekin ular o'z-o'zidan emas, balki iblis/shayton va xudo yo'ldan ozdirgani uchun yo'ldan ozadi:

Iblis:
Bas, ularni shayton yo'ldan ozdirib, maskanlaridan chiqardi va aytdi: "Tushingiz! bir-biringizga dushmansiz. Endi ma'lum vaqtgacha Yerda maskan tutib yashaysiz." (Baqara:36)

(Iblis) aytdi: "Endi, Sening qudratingga qasamki, albatta ularning hammasini yo'ldan ozdirurman." (Sod:82)

Xudo:
Alloh kimni hidoyat qilsa, bas, o'sha hidoyat topguvchidir. U zot kimni yo'ldan ozdirsa, bas, ana o'shalar ziyon ko'rguvchidirlar. (A'rof:178)

Yoki Alloh adashtirgan kimsalarni to'g'ri yo'lga solmoqchimisizlar? Kimniki Alloh adashtirib qo'ygan bo'lsa, uning uchun hargiz yo'l topa olmaysiz! (Niso:88)


Savol:

Kishi yo'ldan ozsa, uni kim: shaytonmi yoki xudo yo'ldan ozdirganini qanday bilish mumkin?

Javob:

Hehehe. Bu savolni yaxshisi qadimgi afsona va ertaklarga ishonib yashaydigan dinchilarga bering. To'qima muammolarga to'qima javoblar berishda ulardan yaxshiroq mutaxassis topish mushkul.