Tuesday, April 22, 2014

Olam tarixi

Bu blogning birinchi postida Quronda olam yaratilish ketma-ketligi xato qilingani ko'rsatilgan edi. Bu xato yana sahih hadisda ham takrorlanadi:

Abu Hurayradan hikoya qilinadi: Allohning Rasuli qo'llarimni ushlab, dedi:
Alloh tuproqni shanba, tog'larni yakshanba, daraxtlarni dushanba, mehnatli ishlarni seshanba, yorug'likni chorshanba, hayvonlarni payshanba va Odamni juma kuni (asrdan keyin) yaratdi. (Sahihi Muslim 2789)

Dinshunoslar ushbu hadis Quronga zid emas, deyishadi. Demak dinchilar Quron bilan birga shu hadisga ham ishonishlari kerak (xususan, bu hadis sahihdir, ya'ni eng ishonchli hadislardan).

Endi ilmiy faktlarga qaraymiz: Katta Portlashdan keyin avval yulduzlar va galaktikalar ("yorug'lik") shakllandi, uzoq vaqt o'tib Quyosh (yana bir yulduz) yuzaga keldi, biroz keyin uning atrofida Yer va boshqa sayyoralar yig'ildi, va nihoyat, milliardlab yillardan keyin Yerda hayot ("daraxtlar") shakllandi. Bu faktlar Quronga ham, yuqoridagi hadisga ham mos kelmaydi. Haqiqat Quron va hadisda aytilganidek "oldin tuproq, keyin daraxtlar, keyin yorug'lik" emas, balki "oldin yorug'lik, keyin tuproq, keyin daraxtlar" ketma-ketligidir.

Savol:

Nega diniy manbalarda olam tarixi borasida xato gaplar yozilgan?

Javob:

Chunki bu manbalarni qadimgi odamlar yozgan, u davrda koinot, umuman tabiat haqida juda kam ma'lumot yig'ilgan edi. Dinlar xudodan kelmagan, balki odamlar to'qib chiqargan afsona va rivoyatlardan iborat.

Thursday, March 13, 2014

Oysha

Oysha islom payg'ambari Muhammadning o'n bir xotinidan uchinchisi edi. Yoshi ellikka yaqinlashgan Muhammad olti yashar Oyshaga uylanib, uch yildan keyin u bilan qo'shilgan (Buxoriy). E'tibor qiling, bu yoshlar 355 kunlik islomiy oy taqvimi bilan berilgan, demak asl yoshlar bundan ham kichik. Hozirgi kunda bunday jirkanch ish qilganlar hibsga olinadi, pedofil deb ataladi. Dinchilarning diqqatini shu muammoga jalb qilinsa, ular "o'sha paytda ko'pchilik shunday qilar edi," degan bahona qilishadi. Lekin bu javobning katta muammosi gap kim haqida ketayotganidir; bunday javobdan Muhammad ham o'sha zamon odamlaridan biri bo'lgani, hech qanday "xudoning payg'ambari" bo'lmagani xulosasi kelib chiqadi.

Savol:

Nega Muhammad sakkiz-to'qqiz yashar qiz bilan jinsiy aloqa qilgan?

Javob:

Muhammad o'sha zamonning odami bo'lgan, xolos. Agar rostdan ham "butun fazo va vaqtga hukmdor" xudoning payg'ambari bo'lganida, bu ish noto'g'ri ekanini bilib, qat'iyan taqiqlab, o'zi ham bu ishlardan uzoq bo'lur edi. Jirkanch ishlar qilgan, kelajakni ko'ra-bila olmagan eski zamon odamining gaplariga bugun "ilohiy" deb ishonib yurish aqldan emas.

Quldorlik

Bu mavzu ibrohimiy dinlarga taalluqli. Ushbu (yahudiylik, xristianlik, islom) dinlarda quldorlik taqiqlanmaganiga diqqat ajrataylik (boshqa dinlarda, masalan hinduiylikda quldorlik man etilgan). Xususan, sahih hadislarda qul qochmasligi kerak, deyiladi:

Qaysi bir qul qochib ketsa, undan himoya ko'tarilibdi.

 Agar qul qochib ketsa, uning namozi qabul qilinmaydi.

Hatto Quronda ham jinsiy aloqa maqsadida cho'ri tutish mumkinligi aytiladi:

Endi agar adolat qila olmaslikdan qo'rqsangiz, bir ayolga yoki qo'l ostingizdagi cho'ri bilan. (Niso:3)

Magar o'z juftu-halollaridan va qo'llaridagi cho'rilaridangina. Bas ular malomat qilinmaslar. (Mo'minun:6

Islom payg'ambari Muhammadning ham bir necha quli bo'lgani hadislarda eslatiladi (Buxoriy; Muslim).

Din va quldorlik muammosi 20-asrdan boshlab dinchilar boshog'rig'iga aylandi. Hozirda ularga quldorlik haqida savol bersangiz, "hozirda mumkin emas, u paytda mumkin edi; qolaversa dinda qullarni ozod qilish savob ishdir," deb gapni aylantirishadi. Biroq ularning bu javobidan boshqa muammolar kelib chiqadi: hadisga binoan, qullarni ozod qilish emas, qarindoshlarga hadya etish ko'proq savob keltiradi (Buxoriy); din o'zini butun zamon va makonga keltirilgan, deb iddao qiladi, demak "u paytda mumkin edi," degan argument dinga qarshi keladi.

Savol:

Nega dinlarda quldorlik taqiqlanmagan?

Javob:

Chunki bu dinlarni qadimgi odamlar to'qib chiqargan, ulardagi qoidalar faqat o'sha zamonlarga tegishli. Hozir quldorlik degan jirkanch ish deyarli butun dunyoda dunyoviy hukumatlar tomonidan taqiqlangan. Dinlar esa zamonga moslasha olmaydi. Bu dinlar eski davrlarga tegishli, bugun kerak emas.

Friday, September 20, 2013

Bilish daraxti

Bu savol yahudiy va xristian dinchilarga taalluqli. Diniy manbaga binoan, xudo Odam va Havvoni yaratib, ularga "yaxshi va yomonni bilish daraxti"dan meva yemaslikni buyuradi ("yesang o'lasan," deydi) va o'zi birrovga qayergadir ketadi (Taqvin:2). Oraga ilon qiyofasiga kirgan shayton tushib, Havvoni bilish daraxti mevasini yeb ko'rishga ko'ndiradi, Odam va Havvo uni yeb ko'rgach, yaxshini yomondan farqlay boshlashadi (Taqvin:3). Qaytib kelgan xudo buni ko'rib, jahl qiladi, "yomon ish qildilaring, endi butun nasl-nasabing qarg'alsin," deb do'q qiladi, la'natlaydi. Shu o'rinda qator savollar tug'iladi: xudo qayerga ketdi? Ketsa ham hamma narsani bilguvchi emas edimi, ko'z-quloq bo'lib turmadimi? Bilish daraxtini nega o'stirdi? va hokazo. Yana bir juda muhim muammo bor: Odam va Havvo bilish daraxtidan meva yemasdan oldin yaxshini yomondan farqlay olishmagan bo'lsa, bilish daraxtidan meva yeyish yomon ish ekanligini bilishmas edi. "Yesang o'lasan," degan ogohlantirish ham tushunarsiz: nima yaxshi, nima yomonligini bilmaydiganlar o'lish yaxshi-yomonligini ham bilmaydi.

Savol:

Yaxshini yomondan farqlashni bilmaydiganlar xudoning gapiga quloq solmaslik yomon ekanini qayerdan bilsin?

Javob:

Bu rivoyatlar qadimgilar tomonidan to'qilgan ertaklardir. Ertaklardan mantiq qidirish behuda.

Thursday, September 12, 2013

Yo'ldan ozish

Diniy manbada odamlar "yo'ldan ozishi" haqida yoziladi. Lekin ular o'z-o'zidan emas, balki iblis/shayton va xudo yo'ldan ozdirgani uchun yo'ldan ozadi:

Iblis:
Bas, ularni shayton yo'ldan ozdirib, maskanlaridan chiqardi va aytdi: "Tushingiz! bir-biringizga dushmansiz. Endi ma'lum vaqtgacha Yerda maskan tutib yashaysiz." (Baqara:36)

(Iblis) aytdi: "Endi, Sening qudratingga qasamki, albatta ularning hammasini yo'ldan ozdirurman." (Sod:82)

Xudo:
Alloh kimni hidoyat qilsa, bas, o'sha hidoyat topguvchidir. U zot kimni yo'ldan ozdirsa, bas, ana o'shalar ziyon ko'rguvchidirlar. (A'rof:178)

Yoki Alloh adashtirgan kimsalarni to'g'ri yo'lga solmoqchimisizlar? Kimniki Alloh adashtirib qo'ygan bo'lsa, uning uchun hargiz yo'l topa olmaysiz! (Niso:88)


Savol:

Kishi yo'ldan ozsa, uni kim: shaytonmi yoki xudo yo'ldan ozdirganini qanday bilish mumkin?

Javob:

Hehehe. Bu savolni yaxshisi qadimgi afsona va ertaklarga ishonib yashaydigan dinchilarga bering. To'qima muammolarga to'qima javoblar berishda ulardan yaxshiroq mutaxassis topish mushkul.

Thursday, August 22, 2013

Iblis

Bu mavzu yahudiylik, xristianlik va islom dinlariga oid. Diniy manbada xudo va iblis haqida shunday deyiladi:

Eslang, farishtalarga Odamga ta'zim qiling, deyishimiz bilan sajdaga egildilar. Faqat iblis. U jinlardan edi. Bas, Parvardigorining amriga bo'yinsunishdan bosh tortdi. Endi sizlar Meni qo'yib, uni va zurriyotlarini do'st tuturmisiz?! Ular sizlarga dushman-ku! U zolim kimsalar uchun naqadar yomon badal o'rinbosardir. (Kahf:50)

Shu iblisni xudo yaratganini va xudo hamma narsani bilguvchi ekanligini inobatga olaylik. Bundan quyidagi muammo kelib chiqadi:

Savol:

Nega xudo iblis unga bo'ysunishdan bosh tortishini bila turib, uni yaratdi?

Javob:

Izoh esa "xamirdan qilingan bo'g'irsoq qanday qilib tilga kirib, chol-u kampirdan qochib ketdi?" savoliga javob bilan bir xil: chunki bu - ertak.

Wednesday, August 7, 2013

Odam va Havvo

Dinchilardan ko'pincha "dinimiz fan bilan uyg'un, din va fan bir-birini tasdiqlaydi," kabi iddaolarni eshitamiz. Bu iddaoning yolg'on ekani oldingi postlarda ko'rsatildi (masalan: Kosmologiya, Zilzila). Bu ishni davom ettirsak.

Diniy manbalarda birinchi ayol (Havvo) birinchi erkak (Odam) qovurg'asidan yaratilgan ekani aytiladi (Niso:1; Sahih Buxoriy:7:62:114). Bundan tayinli fikrlar kelib chiqadi:

1. Havvo va Odamning DNKlari bir xil edi.
2. 1-banddan: Havvo va Odamning xromosomalari bir xil edi.
3. 2-banddan: Havvo va Odamning jinsi bir xil edi (ikkovida ham Y xromosoma bo'lgani uchun ikkovi ham erkak).

Demak, diniy manbalarga ishonadigan bo'lsak, Odam ham, Havvo ham erkak bo'lgan. Ustiga-ustak, ularning DNKlari bir xil bo'lgani uchun ularni qarindosh, aniqrog'i aka-uka deb hisoblash mumkin.

Savol:

Ilmiy nuqtai nazardan Havvo erkak bo'lsa, nega diniy manbalarda uni "ayol" deyiladi?

Javob:

Bu diniy manbalarni qadimgi odamlar yozib qoldirgan. Ular DNK, xromosoma kabi narsalardan bexabar edilar. Shunchaki rivoyatlar to'plami bo'lgan bu manbalarga "ana qarang, ming yillar oldin yozilgan ilmiy haqiqat," deb qarash aqldan emas.